Bo’lar ekan-ku Yosh tadbirkor shijoati

Chop kilish

Istiqlol tufayli yurtimizda tadbirkorlik sohasiga katta e’tibor qaratildi. Hukumatimiz tomonidan ishlab, daromad topaman degan kishiga barcha shart-sharoitlar yaratildi. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanganlar esa, turmush darajalarini yanada yaxshilash bilan birga yurt iqtisodiyotiga munosib hissa qo’shmoqdalar.

 

«Iftixor» mahalla fuqarolar yig’inining «SHodlik» ko’chasida istiqomat qiluvchi Jahongir Abduraimov endigina 21 yoshni qarshiladi. Hali yosh bo’lishiga qaramay, oldiga ulkan maqsadlarni qo’ydi. To’rt yil davomida tog’asi Sobirjon akadan issiqxonada pomidor yetishtirish sir-asrorlarini mukammal o’rgandi va bu ishni o’zi amalga oshirishga ahd qildi. Har tomonlama hisob-kitob qilib, mukammal biznes reja tuzdi. Bankdan qora mol boqish va issiqxona qurish uchun 14 mln. so’m kredit olish evaziga ikki bosh qora mol olishu va olti sotix yerda issiqxona tashkil etishga erishdi. Hozirda pomidorning «Videtta», «Buran», va «Bella» navlari ko’chatlarini ekib, parvarish qilmoqda.

Did bilan ekilgan nihol-lar ayni dam gullash davrida. Beixtiyor ko’rib, ko’z quvnaydi.

- Ilk ish faoliyatimni boshlashda juda ko’p muammo va qiyinchiliklarga duch kelganman, - deydi Jahongir. - Bundan ikki yil avval bank kreditlarini olish,  ayniqsa, men tengi yoshlar uchun oson bo’lmagan. 20 foizlik kredit  bilan bir ish boshlab, foyda ko’rish amri mahol edi. Bugun esa, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tadbirkorlarga to’qqiz foizli bank kreditlari berilyapti. Bu men uchun ayni muddao bo’ldi. +olaversa, otam Erkinboy va onam Buzahrolarning duolari hamda ko’rsatmalari menga yanada kuch-quvvat bag’ishladi. Yana shuni alohida aytib o’tmoqchimanki, «Iftixor» mahalla fuqarolar yig’ini raisi Bahodir Abbosov ham faoliyatimni yo’lga qo’yishimda o’z yordamini ayamadi. Kredit hujjatlarini rasmiylashtirishda  sug’urta polisi olish uchun belgilangan 1 million 50 ming so’m pulni to’lashda amaliy yordam berdi. Hozirda oilamiz bilan hamjihatlikda ish olib boryapmiz. Bu yilgi hosildan olingan daromaddan kreditni to’liq yopishni rejalashtirganman. Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirib, tad-birkorlikning boshqa yo’nalishlarida ham o’zimni sinab ko’rmoqchiman. «Kamolot» YOIH tomonidan tashkil etilgan «Yosh tadbirkor - elga madadkor» loyihasida ishtirok etib, ushbu tanlovda g’olib bo’lish evaziga imtiyozli kredit olishni maqsad qildim.

Ha, bu yosh tadbirkorning orzulari bisyor. Hech bo’lmasa, oila byudjetiga hissa qo’shib, ota-onasiga dalda bo’layotganining o’zi ham katta ish. Otasining qo’liga qarab o’tirgan Jahongir tengi yigitlar undan o’rnak olishsa arziydi. Zero, mehnat qilgan kishi kam bo’lmasligini shu yigit misolida ko’rib, guvohi bo’ldik va  uning kelgusidagi ishlariga omadlar tiladik.

  
© 2014, Namangan viloyat Chortoq tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.chortoq.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.